Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish), sotish va (yoki) o‘rnatish (qurish), olib kirish, ulardan foydalanish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda radioxalaqitlarni bartaraf etishda vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligi yuzasidan 2024-yilda olib boriladigan chora-tadbirlar rejasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining Samarqand viloyati hududiy sho‘basi xodimlari hamda “EMMM” DUK Samarqand viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati mutaxassislari hamkorligida joriy yilning 8-oktyabr kuni Samarqand shahar va Pastdarg‘om tumani hududlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Radiomonitoring tadbirlari natijasida, muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lmagan hamda Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan mobil aloqa operatorlarining tayanch stansiyalariga radioxalaqitlar hosil qilib foydalanilayotgan 2 dona mobil kuchaytirgich qurilma (repeater)lar egasi aniqlandi.
Undan tashqari 11 dona Baofeng “BF-888S” rusumli radioelektron vositalaridan tegishli ruxsatnomalarsiz noqonuniy foydalanib kelayotgan yuridik shaxslar aniqlandi.
Ichki ishlar xodimlari tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar asosida radioelektron vositalar uchun “Ashyoviy dalillarni olib qo‘yish dalolatnomasi” tuzildi va hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zkomnazorat” Inspeksiyasining Samarqand viloyati hududiy sho‘basiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun yuborildi.
Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX 2-toifali muhandisi N. Mardiyev