“Elektromagnit moslashuv markazi” DUK tomonidan ichki turizmni rivojlantirish, xodimlarni turistik sayohatlarga jalb qilish rejalariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari uchun joriy yilning 9-10 may kunlari Jizzax viloyatidagi “Zomin” sayyohlik-rekreatsion zonasiga 2 kunlik sayohat tashkil qilindi.

Zomin milliy tabiat bog‘i Turkiston tog‘ tizmasining shimolida joylashgan bo‘lib, Zomin Davlat qo‘riqxonasi va Zomin Xalq bog‘ini o‘z ichiga oladi. Qarag‘ay o‘rmonlari hududdagi eng yirik o‘rmonlardan hisoblanib, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bir qancha noyob hayvonot turlari va o‘simliklar mavjud.
Kichik dovon, Zomin suvomboridan yuqoriga ko‘tarilishingiz bilan daraxtzorlar quyuqlashib, soylar kengaya boshlaydi. Milliy bog‘ hududiga kirishingiz bilan archazorlar boshlanadi. Yo‘l bo‘yi archazor va qarag‘ayzorlarning yashil manzarasiga maftun bo‘lib ketasiz. Bu yerlarni bekorga Shveysariyaga mengzashmas ekan.

Sayohatimizni Duoba qishlogʻida barpo etilgan 2 kilometrdan oshiq “Zomin Ropeway” osma dor yoʻlidan boshladik. Osma dor yo‘li orqali Zomin tog‘larining barcha go‘zalliklaridan bahramand bo‘ldik. Uzoqda Turkiston tizmasining hali qor erimagan cho‘qqilari ko‘rinadi.
Tog‘ tepasiga chiqqandan so‘ng ikki tog‘ orasiga 150 metr balandlikdagi uzunligi 305 metr osma ko‘prikga chiqdik.
Tog‘dan tushishda yo‘l yoqasida azim archa joylashgan. Archaning yoshi 1000 yildan oshgan bo‘lib, uning atrofi tashrif buyuruvchilar bilan gavjum ekan. Dam olishga kelganlar archalar tagida piknik qilishmoqda.

Yo‘l bo‘yidagi keyingi marshrut Sherbuloq chashmasi bo‘lib, buloq atrofi toshdan chiroyli uslubda bezatilgan. Tog‘ buloqlaridan bir nechtasining qo‘shilishidan yuzaga kelgan buloq suvi muzday bo‘lib, yoz kunlarida chanqoqni qondirish uchun ayni muddao.
Keyingi manzilimiz O‘riklisoy darasidagi “Boboyong‘oq” bo‘ldi. Zomin milliy bog‘i hududida joylashgan bu qadimiy yong‘oq daraxtining taxminiy yoshi 700 yil, balandligi 20 metrdir.
Shu bilan sayohatimizning 1-kuni o‘z yakuniga yetib, mehmonxonaga borib dam oldik.
Sayohatimizning ikkinchi kunida piyodalab tog‘ tepasiga chiqdik. Tog‘ tepasidan manzara juda chiroyli va hayratlanarli ko‘rinar ekan. Toqqa chiqish qanday qiyin bo‘lsa, tog‘dan tushish ham shunday bo‘ldi. Asosiysi texnika havfsizligiga rioya qilish juda muhim.
Yo‘l yo‘lakay Zomin suvombori yuqorisidagi supada to‘xtadik. Suv omborini kuzatib, har xil qurtlarning ta‘mini tatib ko‘rdik.
Qaytishda Zomin tumani “Ma’rifatli” jome’ masjidini ziyorat qildik. Masjid hovlisiga har xil daraxt turlari ekilib, ajoyib manzara barpo etilgan.
Ikki kunlik sayohat davomida xodimlar Zomin tog‘larining go‘zalligi, tabiatini kuzatib, ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Sayohat xodimlarda kuchli zavq va katta taassurotlar qoldirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi EMMX
1-darajali radiooperatori Shimbergenov A.A.