O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi mutaxassislari hamda Toshkent shahar Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan “IN BAZAR” savdo majmuasi avtoturargohida fuqaro T.A. tomonidan 100 dona “Baofeng BF-666S” rusumli va 100 dona “Baofeng BF-888S” rusumli, jami 200 dona radioelektron vositalarini radiochastota organining tegishli ruxsatnomalarisiz qonunga hilof ravishda 1500 AQSH dollariga sotayotganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan aniqlangan daliliy ashyolar Toshkent shahar Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan, fuqaro T.A. ga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli tashkilotga yuborildi.
Tayyorladi: “EMMM” DUK 1-toifali muhandisi Y.Kuryazov