Xabaringiz bor, ayni kunlarda Toshkent shahrida Aloqa sohasida mintaqaviy hamdo‘stlik (ASMH) tashkilotiga a’zo davlatlarning aloqa ma’muriyatlari a'zolari Kengashining 35-yig‘ilishi hamda axborotlashtirish bo‘yicha ASMH Muvofiqlashtirish kengashining 9-majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli tadbirlar doirasida xorijiy delegatsiyalarning qator tashkilot va korxonalarga tashriflari ham rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, kuni kecha Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasiga rasmiy tashrif amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida mehmonlarga korxonaning faoliyati, ayniqsa, radiomonitoring tizimlarini tashkil etish, mavjud texnik vositalar va zamonaviy o‘lchov uskunalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Delegatsiya a’zolari radiomonitoring tizimlarining ishlash tamoyillari, chegaradosh hududlarda olib boriladigan radionazorat tadbirlari, sohada amaldagi normativ-huquqiy baza hamda xalqaro hamkorlik doirasida bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, tashrif davomida kadrlar siyosati, mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, yangi avlod texnologiyalarini kuzatish va tahlil qilish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv doirasida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, innovatsion yondashuvlar va texnik imkoniyatlar asosida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama etdilar. Tashrif yakunida Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi korxonaning texnik salohiyati va faoliyat ko‘lami yuqori baholanishini ta’kidlab, yaqin kelajakda sohada qo‘shma loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tajriba almashish va aloqa sohasida raqamli yechimlarni joriy etish borasida yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

