O‘zbek tili – xalqimizning bebaho ma’naviy boyligi, milliy o‘zligimiz va qadriyatlarimiz ifodasidir. Bugungi kunda o‘zbek tili nafaqat kundalik muloqot vositasi, balki davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarining asosiy tayanchiga aylangan. Davlat tili sifatida uning maqomi yurtimiz mustaqilligining muhim ramzlaridan biridir.
O‘zbek tili – xalqimizning asrlar davomida shakllangan ma’naviy boyligi, milliy tafakkuri va tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Til – millatning ruhi, uning borligini namoyon etuvchi asosiy mezondir. Har qanday xalqning mustaqilligi va taraqqiyoti, avvalo, uning davlat tiliga bo‘lgan e’tibori va hurmati bilan belgilanadi. Shu ma’noda, o‘zbek tilining davlat tili sifatida e’tirof etilishi xalqimiz hayotidagi eng muhim tarixiy voqealardan biridir.
1989-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonun bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu tarixiy qaror xalqimizning milliy o‘zligini tiklash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. 1991-yilda Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, davlat tilining nufuzi yanada mustahkamlandi.
Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi ham ortib bormoqda. Chet ellarda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda, ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha kurslar yo‘lga qo‘yilgan.
Raqamli texnologiyalar, internet va ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tilining keng qo‘llanilishi uning rivojiga xizmat qilmoqda. Davlat tomonidan til madaniyatini oshirish, imlo va nutq me’yorlariga rioya qilish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilinmoqda.
Maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda o‘zbek tili asosiy fan sifatida o‘qitiladi. Tilni mukammal o‘rganish yosh avlodning ma’naviy kamoloti, milliy g‘ururi va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston ko‘p millatli davlat hisoblanadi. Yurtimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashaydi. Davlat tili sifatida o‘zbek tili umumiy muloqot vositasi bo‘lib xizmat qiladi, shu bilan birga boshqa tillarga ham hurmat saqlanadi. Bu esa jamiyatda bag‘rikenglik va totuvlikni mustahkamlaydi.
O‘zbek tili – millat ruhining aks-sadosi, tariximiz va kelajagimiz ko‘zgusidir. Uni asrash, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir. Tilimiz ravnaq topgan sari, yurtimiz taraqqiyoti ham yuksalib boraveradi. Davlat tiliga e’tibor – millat taraqqiyotiga e’tibor demakdir.
Buxoro viloyati EMMX 1-toifali muhandisi R. Odilov
