Mobil aloqa tarmoqlarining tez sur’atlarda rivojlanib borayotgani, raqamli infratuzilmani kengaytirishda mobil aloqa tarmog‘ining ulushi ortib borayotganligi ushbu tarmoq holatini yanada chuqurroq o‘rganish va tahlil qilishni taqozo qilmoqda. Ushbu yo‘nalishda chet el tajribasi asosida yangi texnologiyalarni joriy etish ushbu jarayonlarni tezlashtirish uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi.
“EMMM” DUK binosida Germaniya davlatining “Rohde&Schwarz” kompaniyasining mutaxassislari tomonidan RN va TRX xodimlari hamda viloyat Elektromagnit moslashuv xizmatlari xodimlarining mobil aloqa xizmatlari holatini tahlil qilish yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Malaka oshirish mashg‘ulotlarining asosiy mavzusi “Rohde&Schwarz” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan “Smart Analytics” dasturiy ta’minotida ishlash bo‘ldi.
“Smart Analytics” – bu mobil aloqa tarmog‘ining asosiy ko‘rsatkichlarini tahlil qilish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot bo‘lib, ushbu ta’minot yordamida ma’lum bir hududdagi mobil aloqa tarmog‘ining umumiy holatini tahlil qilish, xizmatlarga ta’sir etuvchi asosiy ko‘rsatkichlarni kuzatish va tahlil qilish, hududda o‘tkazilgan o‘lchovlar asosida mobil aloqa tarmog‘ining holati to‘g‘risida hisobotlar tayyorlash mumkin.
Mashg‘ulotlar davomida xodimlarga “Smart Analytics” dasturiy ta’minotida mobil aloqa va mobil internet xizmatlari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘lchov ma’lumotlarini qayta ishlash, o‘lchov natijalarini virtual xaritada aks ettirish, o‘lchov natijalari asosida hisobotlar tayyorlash kabi amaliy ishlarni bajarish to‘g‘risida tushunchalar berildi.
Qayd etish joizki, Samarqand viloyatida aholi, shu jumladan, mobil aloqa xizmatlari foydalanuvchilari sonining ko‘pligi viloyatda mobil aloqa qamrov darajasi va mobil aloqa xizmatlari holati bo‘yicha o‘lchov ishlarini tez-tez amalga oshirishni taqozo etadi.
Mobil aloqa xizmatlari holatini tahlil qilish uchun mo‘ljallangan yangi “Smart Analytics” dasturiy ta’minotini Samarqand viloyatida joriy etilishi esa yuqoridagi amaliy ishlarni yanada sifatli bajarishga imkoniyat yaratadi.
Mashg‘ulotlarda xodimlar ushbu dasturiy ta’minot interfeysi bilan ishlash, interfeysda turli xil o‘lchov natijalari ustida amallar bajarish, tahlillar o‘tkazish va hisobotlar tayyorlash ishlarini bevosita bajardilar.
Ushbu mashg‘ulotlar respublika hududlarida ko‘rsatilayotgan mobil aloqa va mobil internet xizmatlari holatini tahlil qilish ishlarini yanada tezroq va samaraliroq amalga oshirish uchun xizmat qiladi.
Tayyorladi: Samarqand viloyati EMMX muhandisi I.O.Tojiyev