Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi va jahon mamlakatlarida kichik hajmdagi ma’lumotlarni uzoq masofalarga uzatish uchun turli faoliyat sohalarida qo‘llaniladigan LPWAN texnologiyasining yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan LoRaWAN tarmog‘i faol rivojlanmoqda. Ushbu texnologiya zamonaviy "Internet of Things" (IoT) bozorida istiqbolli simsiz texnologiyalardan biri hisoblanadi.
2015-yil yanvar oyida LoRaAlliance notijorat tashkiloti LoRaWAN protokolini global past energiya iste’moli tarmoqlari uchun yagona standart sifatida qabul qilish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan. LoRaAlliance tarkibiga IBM, Semtech, Cisco, Inmarsat, Swisscom va boshqalar kabi dasturiy ta’minot, mikroelektronika ishlab chiqaruvchilari, aloqa operatorlari va boshqalar kiradi. Tizim subgigagers chastota diapazonida ishlaydi: AQShda 169, 433 va 915 MHz, Yevropada esa 868 MHz diapazonda. LoRa (Long Range) modulyatsiya texnologiyasi boshqa raqobatdosh usullarga qaraganda ancha katta aloqa masofasini (qamrov hududini) ta’minlaydigan modulyatsiya usulidir. Usul kengaytirilgan spektrli modulyatsiya texnologiyasi va chiziqli chastotali modulyatsiya variatsiyasi (Chirp Spread Spectrum, CSS) integratsiyalashgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xatolarni tuzatish (Forward Error Correction, FEC) ga asoslangan. Ma’lumotlar uzatish tezligini tanlash qamrov hududi va ma’lumotlar hajmi o‘rtasidagi murosadir, turli ma’lumot uzatish tezligidagi xabarlar bir-biriga xalaqit bermaydi. Tarmoq uzellari uchun past energiya iste’moli, ya’ni oddiy AA batareyalaridan 10 yilgacha ishlash, ma’lumot almashish tezligining pastligi, uzoq masofali aloqa (qishloq joylarda 15 km va zich shaharlarda 5 km) va oxirgi uskunalarning arzonligi xosdir. Rasmda LoRaWAN tarmoqlarining arxitekturasi ko‘rib chiqilgan. LoRaWAN klassik tarmog‘i quyidagi elementlardan tashkil topgan: oxirgi tugunlar, shlyuzlar, tarmoq serveri va ilovalar serveri.

Oxirgi qurilmalardan (hisoblagichlar, datchiklar) radiokanal yordamida ma’lumotlarni qabul qiluvchi va ularni tranzit tarmoqqa uzatuvchi qurilma - LoRa shlyuzi (Gateway/Concentrator, bazaviy stansiya). Tranzit tarmoqlar sifatida Ethernet, WiFi, uyali aloqa tarmoqlari va boshqa har qanday telekommunikatsiya kanallari bo‘lishi mumkin.
Shlyuz va oxirgi qurilmalar "yulduz" tipidagi tarmoq topologiyasini tashkil etadi. Ko‘pincha ushbu qurilma bir vaqtning o‘zida bir nechta kanallardagi signallarni yoki hatto bitta kanalda bir nechta signallarni qayta ishlash uchun ko‘p kanalli qabul qilgichlarni o‘z ichiga oladi.
Shunga ko‘ra, bunday qurilmalarning bir nechtasi tarmoqning qamrov hududini va oxirgi tugunlar va server o‘rtasida ma’lumotlarning shaffof ikki tomonlama uzatilishini ta’minlaydi. Tarmoq serveri (Network Server) tarmoqni boshqarish uchun mo‘ljallangan: jadvalni belgilash, tezlikni moslashtirish, qabul qilingan ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash. Ilovalar serveri (Application Server) chekli uzellar ishini masofadan turib nazorat qilishi va ulardan kerakli ma’lumotlarni yig‘ishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida ruxsat beruvchi hujjatlarni berish tartibi Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashining 2019-yildagi 30-dekabr 521-sonli "O‘zbekiston Respublikasi hududida ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash uchun aloqa tarmoqlarida qo‘llaniladigan tor polosali simsiz texnologiyalar uchun radiochastotalar ajratish to‘g‘risida"gi qarori bilan tartibga solingan. Ushbu qarorga ko‘ra, ikkilamchi asosda chiqish quvvati 25 mW gacha bo‘lgan LPWAN texnologiyasi uskunalarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish uchun 863-870 MHz va 922-928 MHz radiochastotalar polosalari ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasida 2020-yildan boshlab Toshkent shahrida, boshqa shaharlarda va yirik sanoat va qazib olish korxonalari obyektlarida barcha xususiy va ko‘p kvartirali uylar, binolar va shahar hududini qamrab olgan holda LoRaWAN texnologiyalari asosida energiya samarador LPWAN tarmog‘i tizimi faol joriy etilmoqda.
LoRaWAN texnologiyasi zamonaviy "buyumlar interneti" bozorida istiqbolli simsiz texnologiyalardan biri bo‘lib, u 50 kbit/s gacha tezlikda 15 km gacha bo‘lgan uzoq masofalarga ma’lumot uzatishni amalga oshiradi, shuningdek, bitta batareyada bir necha yil avtonom ishlashni ta’minlaydigan minimal elektr energiyasi iste’moliga ega.
Tayyorladi: RTMHX yetakchi muhandisi D.B.Usmanaliyev