EMMM yangiliklari

Korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish mavzusida o‘quv soati o‘tkazildi

Joriy yilning 10-mart kuni Xorazm viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida “Korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish” mavzusida o‘quv soati tashkil etildi. Unda Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi xodimi R.I.Ibragimov ishtirok etdi.

photo2026-03-1217-52-08.jpg

Bugungi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida korrupsiya hamda kiberjinoyatchilik jamiyat rivojiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu salbiy hodisalar davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiyot, ta’lim hamda fuqarolarning kundalik hayotiga katta zarar yetkazadi. Shu sababli ularga qarshi kurashish har bir davlat va jamiyat oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Tadbir davomida korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, korrupsiya jamiyatda tenglik va qonun ustuvorligi tamoyillarini buzadi. Natijada iqtidorli va halol insonlar o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon qila olmaydi. Bu esa jamiyatning umumiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning ham muhim vazifasi hisoblanadi.

Shuningdek, axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan bir qatorda internet orqali sodir etiladigan jinoyatlar ham ko‘payib borayotgani qayd etildi. Bunday jinoyatlar kiberjinoyatchilik deb ataladi. Kiberjinoyatchilik - kompyuter tarmoqlari, internet va boshqa raqamli texnologiyalar orqali amalga oshiriladigan noqonuniy harakatlar majmuidir.

Kiberjinoyatlardan himoyalanish uchun internetdan foydalanishda ehtiyotkorlik va axborot xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, murakkab va ishonchli parollardan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik, noma’lum havolalar yoki fayllarni ochmaslik muhim hisoblanadi. Shuningdek, ikki bosqichli himoya tizimidan foydalanish foydalanuvchi hisoblarini yanada xavfsiz qiladi.

Tadbir yakunida korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bugungi kunda jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biri ekani yana bir bor ta’kidlandi. Ushbu muammolarga qarshi samarali kurashish uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari va fuqarolar hamkorlikda harakat qilishi zarurligi qayd etildi.

 

Tayyorladi:Xorazm viloyati EMMX muhandisi U.Xamrayev

Faylni tanlang