
Joriy yilning 28-aprel kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Elektromagnit moslashuv xizmatida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida oʻquv-seminar tashkil qilindi. Seminarda quyidagilar alohida takidlanib oʻtildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘layotgan korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga bir trillion dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilar ekan. Bu maʼlumot korrupsiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi “Transparency International” tashkilotining hisobotlarida taʼkidlangan. Shu bois korrupsiya va poraxo‘rlikni hech ikkilanmay “asr vabosi” va “taraqqiyot kushandasi” deb atash mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi eng asosiy xalqaro hujjat bu - shubhasiz, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi hisoblanadi. Mazkur xalqaro hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 24-iyunda “BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Undan tashqari mamlakatimizda 2017-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi ushbu illatga qarshi jadal kurash olib borishning qonuniy asoslarini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Boshqaruv tartibiga qarshi korrupsiya jinoyatlarida harakat aynan g‘ayriqonuniy bo‘lishi kerak va bu xizmat vazifalarining bajarilishi bilan aloqador bo‘lishi lozim. Boshqaruv tartibiga qarshi korrupsiya jinoyatlari ichida, davlat yoki jamoat mulklarini vaqtinchalik foydalanishga berib turish, g‘ayriqonuniy ravishda moddiy boyliklarni sarflab yuborish yoki keraksiz yo‘nalishga sarflash, poraxo‘rlik kabilar ko‘proq uchraydi. Bunday harakatlar moddiy tomondan korxona va tashkilotlarga jiddiy zarar yetkazadi.

Muxtasar qilib aytganda, Korrupsiya - jamiyat taraqqiyoti uchun juda xavfli jinoyat bo‘lib, u nafaqat xufyona, balki korrupsiyaga doir munosabatlarga kirishgan tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan sodir etiladigan o‘ta moslashuvchan jinoyatdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi EMMX 1-toifali muhandisi M.Dlekeev