
Samarqand — qadim sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan, sharqona go‘zallik va buyuk tarix uyg‘unlashgan betakror shaharlardan biridir. U asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va savdo-sotiq rivojlangan markaz bo‘lib, bugungi kunda ham o‘zining moviy gumbazlari, nafis naqshlari va muhtasham obidalari bilan har bir tashrif buyuruvchida unutilmas taassurot qoldiradi.
11-12-aprel kunlari markaz xodimlari uchun tashkil etilgan mazkur sayohat ham nafaqat dam olish, balki tarixiy merosimiz bilan yaqindan tanishish, milliy qadriyatlarimizni chuqurroq anglashga xizmat qildi. Sayohat davomida ishtirokchilar Registon maydonining ulug‘vorligi va undagi Ulugʻbek madrasasi, Sherdor madrasasi hamda Tillakori madrasasi kabi inshootlarning nafis bezaklari bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, buyuk sarkarda Amir Temurning dafn etilgan maskani — Goʻri Amir maqbarasi ziyorat qilinib, uning hayoti va davlat boshqaruvidagi ulkan xizmatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Sayohat ishtirokchilari Shohi Zinda majmuasidagi tarixiy maqbaralar va ularning o‘ziga xos me’moriy uslubi bilan ham yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, islom olamining buyuk muhaddislaridan biri bo‘lgan Imom al-Buxoriy nomi bilan bog‘liq Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyorat qilindi.

Mazkur sayohat davomida xodimlar o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, jamoaviy muhitni yanada yaxshilash bilan birga, boy tarixiy merosimizdan faxrlanish tuyg‘ularini yanada oshirdilar. Bunday sayohatlar xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.