AQSHning San-Fransisko shahrida joylashgan dunyoning yetakchi innovatsion platformalari va venchur investitsiya ekotizimlaridan biri - Plug and Play Tech Center bosh ofisida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi hamda kompaniya rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Buxoro viloyatida startap ekotizimini rivojlantirish, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy texnologik loyihalarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga qaratilgan “Bukhara 100” dasturini amalga oshirish bo‘yicha strategik hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muzokaralarda Plug and Play Tech Center bosh direktorining apparati rahbari Rebekka Rosser hamda Plug and Play Ventures hamkori Ivan Zgomba ishtirok etdi.
Tomonlar Buxoro viloyatida innovatsion ekotizimni rivojlantirish, istiqbolli startaplarni xalqaro akseleratsiya dasturlariga tayyorlash, venchur investitsiyalarini jalb qilish, global korporativ hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, shuningdek, sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Kelishuvga muvofiq, “Bukhara 100” dasturi doirasida Buxoro viloyatining istiqbolli startap loyihalari saralab olinadi hamda ular uchun xalqaro standartlar asosidagi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etiladi. Dastur ishtirokchilari Plug and Playning xalqaro innovatsion tarmog‘i, korporativ hamkorlari, mentorlari hamda venchur investorlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur hamkorlik doirasida:
- Buxoro viloyatida startap ekotizimini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish;
- mahalliy startaplarni AQSH va Yevropa bozorlariga olib chiqish;
- xalqaro venchur investitsiyalarini jalb qilish;
- eksportbop raqamli mahsulot va xizmatlar hajmini oshirish;
- yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yangi ish o‘rinlarini yaratish;
- yoshlarning texnologik tadbirkorlik sohasidagi salohiyatini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Plug and Play bugungi kunda dunyodagi eng yirik innovatsion platformalardan biri bo‘lib, Google, PayPal, Dropbox, N26 va Rappi kabi yuzlab muvaffaqiyatli texnologik kompaniyalarning rivojlanishida muhim o‘rin tutgan. Kompaniya 60 dan ortiq mamlakatda innovatsion dasturlarni amalga oshirib, minglab startaplar, investorlar va yirik korporatsiyalarni yagona innovatsion ekotizimda birlashtirib kelmoqda.
Mazkur hamkorlik Buxoro viloyatida innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda hududning xalqaro innovatsion ekotizimga integratsiyalashuvini jadallashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.