18-19-mart kunlari Surxondaryo viloyati, Bandixon tumanida tabiiy gaz iste’moli hisobini yuritish hamda gaz hisoblagichlarida yuzaga kelayotgan texnik muammolarni bartaraf etish maqsadida keng ko‘lamli texnik tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Surxondaryo viloyati hududiy sho‘basi, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining Surxondaryo viloyati hududiy sho‘basi, Surxondaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati, “Hududgazta’minot” AJ, mobil aloqa operatorlari hamda “Texnopark” MChJ mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur texnik tadbirlarning asosiy maqsadi — tabiiy gaz hisoblagichlarida yuzaga kelayotgan nosozliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, iste’molchilarga uzluksiz va sifatli gaz ta’minotini yetkazib berishdan iborat bo‘ldi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari belgilangan hududda mobil aloqa sifati va signal sathini o‘lchash bo‘yicha radiomonitoring ishlarini olib bordi. Natijada, zaif signal yoki qamrov yetishmovchiligi kuzatilgan joylar aniqlandi. Shuningdek, turli mobil aloqa operatorlari o‘rtasida muqobil aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha muhim texnik yechimlar taklif etildi.
Ushbu hamkorlik natijasida Bandixon tumanida gaz ta’minoti va mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilanishi kutilmoqda. Kelgusida shunday texnik tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyati EMMX 2-toifali tarmoq muhandisi J.Islamov
