Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni, xususan, ichki turizmni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tadbirlar va loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “EMMM” DUKning 14-dekabr 2024-yildagi 27-F-sonli “Moziyga sayohat” dasturi doirasidagi Farmoyishiga asosan, joriy yilning 17-yanvar kuni xizmatimiz ishchilari viloyatimizdagi tarixiy va madaniy obida hisoblangan Axsikent yodgorligiga sayohat qildilar.
Axsikent yodgorligi - Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan qadimiy shahar xarobasi sanaladi.
Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Axsikat shahri miloddan avvalgi III- II- asrlarda vujudga kelgan, IX-X-asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti bo‘lgan. 1219-yilda mo‘g‘ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Qasrning eski o‘rnidan 5-7 km. g‘arbda bunyod etilgan yangi shahar Axsi XIV-XVII-asrlarga oiddir.
Axsikent ulkan ixtirolar, o‘z davrining innovatsiyalari markazi, tamaddun o‘chog‘i bo‘lgan. Yodgorlik 100 gektar hududni egallagan bo‘lib, uning 15 gektari G‘arbiy rabot qismini tashkil etadi.
Axsikatni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari XIX asr oxirlari - XX asr boshlaridan boshlangan. 1885-yil N. I. Veselovskiy, 1914-yil. I.Kastanye qazish va qidiruv ishlari olib borgan.
Axsikat xarobalaridan g‘arbroqda o‘rta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi aniqlangan. Akademik Y. F. G‘ulomov va arxeolog I. Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur tug‘ilgan Axsi ekanligini birinchi bo‘lib isbotladilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yildagi Namangan viloyatiga qilgan tashriflari davomida Axsikentning haqqoniy tarixini o‘rganish, mazkur hududni turizm makoniga aylantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan tadqiqotlar asosida, bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur tug‘ilgan Axsi ekanligi isbotlangan. Uning xarobalari mahalliy xalq orasida Yangi Axsi toponimi bilan atalib, hozirda uning ozroq qismi Yakka yigit qishlog‘i tagida saqlangan.
Hozirda qadimgi shahar xarobalarida qazishma ishlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, IX-XII-asrning boshlarida Farg‘ona – Axsikent shahrining ustasi farang hunarmandlari qattiq va yumshoq po‘latlar ishlab chiqarish sirlarini bilishgan. Ular tayyorlagan qilichlar Sharqda Xitoy va Janubiy g‘arbda xalifalik markazi Damashq bozorlarida sotilgan. O‘rta asrlarda butun Yevropaga «Damashq qilichlari» nomi bilan mashhur bo‘lgan qurollarning ma’lum bir qismining vatani Farg‘ona-Axsiket hisoblangan. Eski Axsi yodgorligini ziyorat qilgan sayyoh har qadamda po‘lat ishlab chiqarish bilan bog‘liq chiqindilar va ustaxona xarobalarini ko‘radi, yuqorida aytilgan gaplarning tasdig‘ini topadi.
Mazkur yodgorlik- Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko‘rgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Buning samarasida, mahalliy va xorijiy sayyohlar o‘rtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda.
Tayyorladi: Namangan viloyati EMMX 1-toifali muhandisi X.T.Boltaboyev