2025-yil 7-8-iyun kunlari Andijon viloyati elektromagnit moslashuv xizmati xodimlari uchun unutilmas madaniy hordiq kunlari tashkil etildi. Ushbu ikki kun davomida ishchi jamoa a’zolari Oʻzbekistonning eng go‘zal tabiiy maskanlaridan biri bo‘lgan Zomin milliy tabiat qo‘riqxonasida dam oldilar.
Zomin milliy qo‘riqxonasi O‘zbekistonning Jizzax viloyatida joylashgan bo‘lib, o‘zining toza havosi, tog‘li relyefi, sernam o‘rmonlari va noyob flora hamda faunasi bilan mashhur. Xodimlarimiz bu maskanda shunchaki hordiq chiqarish bilan cheklanmay, tabiat qo‘ynida sayr qilish, guruhlarda jismoniy faollik mashg‘ulotlari, tog‘ sayli, yurish, hamkorlik va jamoaviy ruhni mustahkamlash imkoniga ega bo‘lishdi.
Tashrif doirasida Jizzax viloyatining mashhur mahalliy taomnomalaridan tanavur qilishdan boshlab madaniy dasturlar, tabiat bag‘rida ochiq havoda nonushta, tushlik va kechki ovqatlar, unutilmas lahzalarni muhrlab olish uchun foto va video sessiyalar tashkil etildi.
Mazkur safar faqatgina hordiq emas, balki xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro muloqot, ishonch va jamoaviylik ruhini kuchaytirishga xizmat qildi. Barcha ishtirokchilar sog‘lom va yuqori kayfiyat bilan ish joylariga qaytdilar. Ushbu tashabbus xodimlar salomatligi va psixologik farovonligini ta’minlsh yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Zomin milliy tabiat qo‘riqxonasiga safarimiz ish jarayonidan biroz chalg‘ish, ruhiy tiklanish va yangi kuch-g‘ayrat bilan ishga qaytish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Bunday tadbirlar kelgusida ham an’anaviy tarzda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Tayyorladi: Andijon viloyati EMMX tarmoq muhandisi U.B. Shodmonov